Andijonda «Gastro food» gastronomik turizm festivali bo‘lib o‘tdi
2026-10-26 09:20:00 / Yangiliklar

Andijon shahrida turizm salohiyatini kengaytirish va hududning o‘ziga xos pazandalik an’analarini ommalashtirish maqsadida «Gastro food» gastronomik turizm festivali tashkil etildi. Tadbirda soha ekspertlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Festivalning ahamiyatli jihati shundaki, unda xalqimizning ko‘p asrlik «Ustoz-shogird» an’analari yorqin namoyon etildi. Tadbirda Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan tajribali va mahoratli oshpazlar bilan bir qatorda, professional ta’lim muassasalari — texnikumlarning turizm va oshpazlik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli o‘quvchi-yoshlari ham faol qatnashdilar.
Festival doirasida tajribali pazandalar tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. Usta oshpazlar yoshlarga o‘zbek milliy palovini tayyorlashning o‘ziga xos sir-asrorlari, masalliqlarni tanlash va damlash texnologiyalari haqida batafsil ma’lumot berib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar texnikum o‘quvchilari uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda kelgusida turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etdi.
Bayramona ruhda o‘tgan festival yakunida milliy oshxona an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan faxriy pazandalar hamda yuksak mahorat ko‘rsatgan texnikum o‘quvchilari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.




