Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi yanada oshadi
2026-10-21 08:40:00 / Yangiliklar

Andijon davlat universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi faoliyati samaradorligini oshirish, hududlardagi muammolar va korrupsiya xavflarini aniqlash hamda baholash, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur seminar-trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi a’zolari, mas’ul idoralar va tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Seminarning ochilishida so‘zga chiqqanlar korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi illat ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish hamda ushbu yo‘nalishda tizimli va samarali mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Seminar-treningning birinchi kunidagi mashg‘ulotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik normalari, ularning amaliy ahamiyati hamda hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, viloyatdagi korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilinib, axborot almashish, vazifalarni taqsimlash va qarorlarni o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, muammolarni hududiy darajada hal etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir davomida mas’ul va mutaxassislarning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi. Ishtirokchilar ma’ruzalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdilar.
Seminar-trening dasturining ikkinchi kunida jamoatchilik nazorati, ochiqlikni ta’minlash, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar fuqarolar murojaatlari, ochiq ma’lumotlar, statistik ko‘rsatkichlar, ommaviy axborot vositalari materiallari hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining xulosalaridan korrupsiya xavflarini aniqlashda foydalanish usullarini o‘rganadilar. Bunda tasdiqlangan faktlarni da’volar va tekshirilmagan ma’lumotlardan farqlash, qo‘shimcha axborotga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hamda kelib tushgan xabarlarga o‘z vakolatlari doirasida qonuniy va asoslantirilgan munosabat bildirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Amaliy mashg‘ulotlar doirasida mavjud ma’lumotlarni tekshirish, mas’ul tashkilotlarni belgilash, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ham amaliy takliflar tayyorlanadi.
Mazkur seminar-trening hududiy kengashlar faoliyatini takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.




