AQShning «Oppenheimer & Co.» investitsiya banki bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-10-20 17:30:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati delegatsiyasi AQShning «Oppenheimer & Co.» investitsiya banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida xalqaro kapital bozorlaridan 300 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ jalb etish tashabbusi muhokama qilindi. Mazkur loyihani «Andijon Invest» aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro korporativ obligatsiyalar — yevrobondlarni chiqarish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda obligatsiyalarni xalqaro investorlarga taklif etish, mablag‘ jalb qilish mexanizmlari, moliyaviy vositalardan samarali foydalanish hamda loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur tashabbus viloyatning investitsiyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro moliya bozorlari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ manbalarini jalb etishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va loyihani amalga oshirishning amaliy jihatlarini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.



