Maylisoy daryosida sel va toshqinlardan erta ogohlantirish tizimi joriy etiladi
2026-10-20 12:40:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati bahor va yoz oylarida sel va suv toshqinlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Qirg‘iziston hududidan oqib keluvchi Maylisoy daryosida suv sarfining kutilmaganda ortishi Paxtaobod va Izboskan tumanlarining daryo bo‘yida yashovchi aholisi uchun xavf tug‘diradi.
Shu munosabat bilan Maylisoy daryosida aholini sel va toshqin xavfi haqida oldindan ogohlantiruvchi zamonaviy tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda. Mazkur ishlar Global yashil o‘sish instituti (GGGI) va Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) dasturlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zgidromet, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi. Dastur Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtiriladi.
“Maylisuv daryosi yo‘lagida toshqin va sel xavfini baholash” loyihasi doirasida O‘zgidromet tomonidan Farg‘ona va Andijon viloyatlaridagi beshta hudud taklif etilgan. Mutaxassislar xavf darajasi, kuzatuv uskunalarini o‘rnatish imkoniyati, aloqa va elektr ta’minoti kabi mezonlarni o‘rganib chiqib, Maylisoy tizimini asosiy obyekt sifatida tanlagan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Maylisoyda 1958–1959-yillarda sel hodisalari, 1998, 2010 va 2012-yillarda esa suv toshqinlari kuzatilgan. Ushbu hodisalar aholi xonadonlari, qishloq xo‘jaligi yerlari va hudud infratuzilmasiga zarar yetkazgan. Shuning uchun yangi tizimni joriy etishdan oldin hududdagi xavf omillari, aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi va mavjud muammolarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda IWMI mutaxassislari dastlabki o‘rganishlar va tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Joriy yilning 17–18-sentabr kunlari institut vakillari Andijon viloyati hokimligi, Norin-Qoradaryo havza boshqarmasi, favqulodda vaziyatlar, ekologiya va gidrometeorologiya boshqarmalari, “Qoradaryo–Maylisoy” irrigatsiya tizimi hamda Qo‘yquloq gidrouzeli rahbarlari bilan uchrashdi.
Shuningdek, mutaxassislar daryo bo‘yida joylashgan Paxtaobod tumanidagi Qo‘rg‘oncha va Toshqo‘rg‘on, Izboskan tumanidagi Uzunko‘cha mahallalarida aholi bilan uchrashib, suhbatlar va so‘rovlar o‘tkazdi. Ushbu mahallalarda qariyb 12 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Aholi bilan muloqotlarda Maylisoydagi suv sathi va toshqin xavfi haqida tezkor, aniq ma’lumot olish imkoniyatlari yetarli emasligi qayd etildi. Fuqarolarning ta’kidlashicha, hozirga qadar aynan Maylisoydagi vaziyat bo‘yicha muntazam ogohlantirish beradigan alohida tizim mavjud emas. Ayrim hollarda aholi suv sathining ko‘tarilayotgani haqida Qirg‘iziston hududidagi tanishlari orqali xabar topgan.
O‘rganishlar davomida Uzunko‘cha mahallasidagi ayrim uylar daryo qirg‘og‘iga juda yaqin joylashgani aniqlandi. 2010 va 2018-yillarda suv sathining ko‘tarilishi oqibatida ayrim xonadonlarning hovlilariga suv kirgan.
Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlar tomonidan sel va toshqin xavfini kamaytirish, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mutaxassislar mavjud choralarni yanada kuchaytirish va aholining xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Mahalla aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Maylisoy suvining hayotiy ahamiyati ham alohida qayd etildi. Paxtaobod tumani Toshqo‘rg‘on mahallasida yashovchi mehnat faxriysi G‘ulomjon G‘aniyevning ta’kidlashicha, daryo bahorda xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lsa-da, yozda aholi va fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlarini sug‘orishda muhim manba hisoblanadi.
Muloqotlar davomida daryoning aholi yashash joylariga yaqin qismlarida qirg‘oqni mustahkamlash, daryoning O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi qismini to‘liq o‘rganish va gidrouzel darvozalarini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mutaxassislarning fikricha, faqat ogohlantiruvchi uskunani o‘rnatishning o‘zi yetarli emas. Xavf haqidagi ma’lumot o‘lchov nuqtasidan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, mahalla idoralari va xonadonlargacha tezkor yetib borishini ta’minlaydigan yaxlit tizim zarur. Shuningdek, mahallalarda ogohlantirish punktlarini tashkil etish, evakuatsiya rejalarini ishlab chiqish va har yili bahorgi xavfli mavsum oldidan amaliy mashqlar o‘tkazish taklif etilmoqda. Bunda ayollar, keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratish muhim.
Loyiha doirasida daryoni kecha-yu kunduz kuzatib boruvchi videokamera va suv sathini o‘lchaydigan radar datchigini o‘rnatish ham rejalashtirilgan.
Ayni paytda loyiha tashabbuskorlari mahallalarda so‘rovnomalar o‘tkazib, aholining fikr va takliflarini o‘rganmoqda. Keyingi bosqichda aholi bilan hamkorlikda xavf xaritalari ishlab chiqiladi. Yil yakuniga qadar xavf ostidagi uylar, maktablar va yo‘llar ko‘rsatilgan xaritalar, evakuatsiya yo‘nalishlari hamda aholini ogohlantirish tartibi tayyorlanib, mas’ul tashkilotlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
O‘rganishlar va tayyorgarlik ishlari natijalari bo‘yicha dastlabki xulosalar shu oy oxirida Andijonda o‘tkaziladigan seminarda taqdim etilishi kutilmoqda.
Mutaxassislar Maylisoyda joriy etiladigan tizim bo‘yicha to‘plangan tajriba kelgusida Farg‘ona vodiysidagi boshqa daryo va soylarda ham qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Tizimning asosiy maqsadi — sel va toshqin xavfi yuzaga kelishidan oldin aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, xavfsiz hududga ko‘chish va zarur choralarni ko‘rish uchun imkoniyat yaratishdir.
Sel va toshqin xavfini kamaytirish davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, mahalliy hamjamiyat va har bir fuqaroning ham mas’uliyatini talab qiladi. Shu bois “Maylisuv daryosi yo‘lagida toshqin va sel xavfini baholash” loyihasi aholi xavfsizligini mustahkamlash va tabiiy ofatlar oqibatlarini kamaytirish yo‘lidagi muhim tashabbus hisoblanadi.



