Andijon viloyati delegatsiyasi Vitebsk davlat universitetida bo‘ldi
2026-10-16 16:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Safar doirasida delegatsiya a’zolari Vitebsk davlat universitetiga tashrif buyurib, oliy ta’lim muassasasining faoliyati, ta’lim jarayonini tashkil etish tizimi hamda ilmiy salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv davomida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tashrif doirasida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Vitebsk davlat universitetida tahsil olayotgan hamda tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida Belarus Respublikasida bo‘lib turgan andijonlik talabalar bilan ham uchrashdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda viloyat rahbari talabalarning har biri bilan alohida suhbatlashib, ularning ta’lim olish jarayoni, yashash sharoiti, duch kelayotgan muammolari va takliflari bilan qiziqdi. Talabalarning fikr-mulohazalari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bilim va tajribalarini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Mazkur tashrif ikki tomonlama ta’limiy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.








