Qahramonlar xotirasiga ehtirom: Vitebskda yodgorlik belgisi ochildi
2026-10-16 11:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tashrifini Vitebskni ozod etish yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘zbekistonlik jangchilar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik belgisining ochilish marosimida ishtirok etishdan boshladi.
Marosimda Andijon viloyati delegatsiyasi a’zolari, Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi hamda O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi ishtirok etdi.
Tadbirda tinchlik va ozodlik uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ehtirom ko‘rsatilib, yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.
Mazkur xotira maskanida 17,9 mingdan ziyod jangchining nomi abadiylashtirilgan. Jangchilarning 700 nafardan ortig‘i o‘zbekistonlikdir. Ularning qariyb 50 nafari esa andijonlik bo‘lgan.
Eldan olisda jasorat ko‘rsatgan ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, ularning qahramonligini yosh avlodga yetkazish — bugungi tinch va osoyishta hayot qadrini anglash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.




