Andijonda xalqaro ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda
2026-10-15 09:40:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatida kolorektal saratonni erta aniqlash, zamonaviy endoskopik tekshiruv usullarini amaliyotga keng joriy etish va tibbiyot mutaxassislarining kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan xalqaro ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazi hamkorligida amalga oshirilayotgan dastur doirasida AQSh, Buyuk Britaniya va O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari ishtirokida tibbiyot muassasalarida kolonoskopiya bo‘yicha amaliy mahorat darslari va ilmiy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Amaliyot va ilg‘or tajribani uyg‘unlashtirgan mashg‘ulotlar davomida zamonaviy kolonoskopiya texnikasi, yo‘g‘on ichakni to‘liq va sifatli tekshirish, poliplar hamda erta neoplastik o‘zgarishlarni aniqlash, shubhali hosilalarni baholash va endoskopik tekshiruvlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, murakkab klinik holatlar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, ilg‘or xorijiy tajribani mahalliy tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Kolorektal saratonni o‘z vaqtida aniqlash va samarali davolashda sifatli endoskopik tekshiruv muhim ahamiyatga ega. Xalqaro tajriba va zamonaviy tibbiy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish esa bu boradagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Seminar doirasidagi mashg‘ulot va taqdimotlar mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, kolorektal saratonni erta bosqichlarda aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik yordam sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.



