Andijon viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yoʻnalishida 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida MA'LUMOT
2026-10-14 20:30:00 / Korrupsiyaga qarshi kurashish

Andijon viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yoʻnalishida 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida
MA'LUMOT
2026 yil yanvar–sentyabr oylari davomida Andijon viloyati hokimligida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta'minlash, kadrlar bilan ishlashda komplaens nazoratini kuchaytirish, xodimlarning malakasini oshirish hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta'minlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Ichki nazoratning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Viloyat hokimining 2025 yil 28 yanvardagi 36-1-0-Q/25-son qarori asosida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga oid idoraviy hujjatlar amaliyotga joriy qilinib, korrupsiya haqida xabarlarni koʻrib chiqish, nomzod va kontragentlarni tekshirish, xodimlarni oʻqitish, xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish, monitoring va hisobot yuritish boʻyicha komplaens jarayoni tartibga solindi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar toʻliq baholandi. Viloyat hokimligi faoliyatidagi 95 ta vazifa va funksiya tahlil qilinib, shundan 67 tasi past, 24 tasi oʻrta va 4 tasi yuqori darajadagi korrupsiyaviy xavfga ega deb baholandi. Oʻrta va yuqori xavfli yoʻnalishlarni kamaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab, ijrosi nazoratga olindi.
Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari kuchaytirildi. Hisobot davrida 51 ta manfaatlar toʻqnashuviga oid holat reestrga kiritilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar belgilandi. Shuningdek, sentyabr oyida viloyat hokimligi hamda barcha 16 ta tuman va shahar hokimliklari xodimlaridan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha deklarasiyalar olinishi ta'minlanib, natijalari umumlashtirildi.
Viloyat hokimligi boshqaruv apparatidagi 60 nafar va tuman va shahar hokimliklarining barcha xodimlaridan korrupsiyaga qarshi qonunchilik, odob-axloq qoidalari va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishli kafolat xatlari olindi hamda profilaktik tushuntirishlar oʻtkazildi.
Davlat xaridlari boʻyicha komplaens nazorati amalga oshirildi. Jami 84 ta davlat xaridi, shartnoma va kontragent boʻyicha soliq qarzdorligi, ta'sischilar, affillanganlik, manfaatlar toʻqnashuvi, insofsiz ijrochilar reestri, texnik talablar va narxlarning bozor qiymatiga muvofiqligi oʻrganildi. Kamchilik aniqlangan xaridlar boʻyicha ular bartaraf etilmasdan ijobiy xulosa bermaslik amaliyoti qoʻllanildi.
Xodimlarning kasbiy malakasi oshirildi. Viloyat, tuman va shahar hokimliklari xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus oʻquv kurslarida ishtirok etishi ta'minlanib, 47 ta sertifikat olindi. Oʻquvlarda manfaatlar toʻqnashuvi, davlat xaridlari, korrupsiyaviy xavf-xatarlar, odob-axloq va huquqiy javobgarlik masalalari qamrab olindi.
Hududlarda targʻibot va profilaktika ishlari tashkil etildi. Barcha 16 ta tuman va shaharda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan seminar, davra suhbati va tushuntirish tadbirlari oʻtkazildi. Xususan, 2026 yil 19 avgustda viloyat miqyosida oʻquv-seminar tashkil etilib, yakunlari boʻyicha mas'ullarga 15 banddan iborat vazifalar belgilab berildi.
Korrupsiyaviy xavf yuqori boʻlishi mumkin boʻlgan lavozimlarda ishlovchi yoki lavozimga tavsiya etilayotgan 3 nafar xodim bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, davlat xaridlari, manfaatlar toʻqnashuvi, sovgʻalar, byudjet mablagʻlaridan foydalanish va shaxsiy javobgarlik masalalari tushuntirildi. Sentyabr oyida mazkur profilaktik suhbatlar natijalari alohida bayonlar bilan rasmiylashtirildi.
Kadrlar boʻyicha komplaens tekshiruvlari oʻtkazildi. Mas'ul lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarning mehnat faoliyati, sudlanganligi va boshqa ahamiyatli ma'lumotlari oʻrganilib, sentyabr oyida 5 nafar nomzod — E.Mirzaev, Oʻ.Mamtaliev, M.Moʻminov, M.Shokirov va J.Sotvoldiev boʻyicha alohida komplaens xulosalari tayyorlandi. Maxsus hisob ma'lumotlari va sud hujjatlari asosida har bir nomzodga nisbatan qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda huquqiy baho berildi.
Xizmat tekshiruvi oʻtkazildi. Xizmat intizomi va odob-axloq talablari bilan bogʻliq holat yuzasidan 1 ta xizmat tekshiruvi tashkil qilinib, holatga huquqiy va xizmat nuqtai nazaridan baho berildi. Natijasi boʻyicha kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida takrorlanishining oldini olishga qaratilgan takliflar kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Hududda korrupsiyaning oldini olish va maishiy korrupsiyani kamaytirish boʻyicha 26 ta chora-tadbirdan iborat “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, uning ijrosini har 10 kunda muhokama qilib borish mexanizmi joriy etildi. Normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha 12 bandli reja-jadval shakllantirildi. Shuningdek, korrupsiyadan holi hududlarni shakllantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va keyingi vazifalar yuzasidan manzilli takliflar hamda axborotlar tayyorlandi.
Ochiqlikni ta'minlash boʻyicha alohida choralar koʻrildi. Ochiqlik indeksi boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 10 ta ustuvor yoʻnalish belgilab olinib, viloyat hokimining 23-1-0-F/26-son farmoyishi qabul qilinishi ta'minlandi. Farmoyish va uning 4 ta ilovasi, jami 5 ta asosiy hujjat orqali ochiq ma'lumotlar roʻyxati, monitoring matrisasi, “Yoʻl xaritasi” va ishchi guruh faoliyati belgilab berildi. Topshiriqlar ijrosi yuzasidan tegishli axborotlar tayyorlanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari davom ettirildi. Davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va jamoatchilik takliflarini jalb etish maqsadida “murojaat.byurokratiyasiz2030.uz” platformasi orqali fuqarolar va tadbirkorlarning takliflarini qabul qilishga qaratilgan e'lon matni tayyorlanib, viloyat hokimligi veb-saytida joylashtirish choralari koʻrildi.
“E-qaror” tizimi boʻyicha barcha 16 ta tuman va shahar hokimligi oʻrganildi. Hokim qaror va farmoyishlari, xalq deputatlari Kengashlari qarorlari hamda komissiya bayonlarining elektron tizim orqali qabul qilinishi tahlil qilinib, keyingi davr uchun doimiy monitoring yoʻlga qoʻyildi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni oʻrganish maqsadida birinchi yarim yillik boʻyicha taqdim etilgan 69 ta huquqiy malakalash yozuvi 39 ta mustaqil jinoyat ishi kesimida tahlil qilindi. Oʻrganishlar natijasida kadrlar, kommunal xizmatlar, transport, yer-kadastr, qurilish, ijtimoiy himoya va boshqa sohalar boʻyicha 8 ta manzilli profilaktik taklif ishlab chiqildi.
Jamoatchilik institutlari bilan hamkorlik doirasida korrupsiyaga qarshi targʻibot va profilaktikaga qaratilgan 2 ta loyihaga jami 120 mln soʻm, jumladan 50 mln va 70 mln soʻmlik grant mablagʻlari ajratilishi boʻyicha ma'lumotlar umumlashtirildi. Oliy Majlis Senatining 2026 yil 8 avgustdagi SQ-341-V-son qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasining 19-bandi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi va tegishli organlarga axborot tayyorlandi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi va xalqaro reytinglardagi koʻrsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan topshiriqlar ijrosi boʻyicha ma'lumotlar umumlashtirilib, viloyat hokimligi axboroti shakllantirildi.
Korrupsiya haqida xabar berish aloqa kanallarini takomillashtirish maqsadida ishonch telefonlari va veb-saytlar faoliyati ta'minlandi, ular orqali murojaatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish mexanizmi doimiy nazoratga olindi. Shuningdek, Prezident farmonlari va yuqori turuvchi tashkilotlar topshiriqlari ijrosi boʻyicha tahliliy ma'lumotlar, jadvallar va javob xatlari tayyorlanib, belgilangan tartibda tegishli idoralarga kiritildi. Manfaatlar toʻqnashuvi va qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan alohida taqdimnoma va topshiriqlar ijrosi oʻrganilib, Jalaquduq tumanida aniqlangan holatlar boʻyicha qabul qilingan qarorlar va koʻrilgan choralar tahlil qilindi hamda natijalari boʻyicha axborotlar shakllantirildi.
Shu bilan birga, ichki nazorat faoliyati natijalarini tizimli hisobga olish maqsadida 2026 yil yanvar–fevral, yanvar–mart, yanvar–aprel, yanvar–may, yanvar–iyun, yanvar–iyul, yanvar–avgust va yanvar–sentyabr davrlari boʻyicha jami 8 ta jamlanma hisobot shakllantirildi. Ularda oʻtkazilgan oʻrganish va monitoringlar, xizmat tekshiruvlari, xodimlarga nisbatan koʻrilgan choralar, manfaatlar toʻqnashuvi, korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, davlat xaridlari, xodimlarni oʻqitish va targʻibot tadbirlari kabi asosiy koʻrsatkichlar oyma-oy hisobga olib borildi.
Natijada, 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida 95 ta vazifa va funksiya, 84 ta davlat xaridi, 51 ta manfaatlar toʻqnashuvi holati va 39 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishi tahlil qilindi, 47 ta sertifikat olindi, 5 nafar nomzod boʻyicha komplaens xulosalari tayyorlandi, 3 nafar xodim bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. 26 bandli “Yoʻl xaritasi”, 12 bandli reja-jadval, ochiqlik boʻyicha 10 ta ustuvor yoʻnalish va 8 ta davriy hisobot shakllantirildi. Korrupsiyaga qarshi profilaktik, nazorat, tahliliy va targʻibot tadbirlari bilan viloyatning barcha 16 ta tuman va shahar hokimliklari qamrab olindi.
