Andijonda ommaviy yugurish marafonlari o‘tkazildi
2026-10-11 12:45:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatining Bobur shahrida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida yugurish marafonlari tashkil etildi.
Tadbirda sakkiz ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashib, Bobur shahridan Vatanparvar bog‘igacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi. Ommaviy sport tadbiri doirasida “Harbiy yugur”, “Talaba-yugur” va “Inson uchun” yo‘nalishlari bo‘yicha marafonlar o‘tkazildi.
Mazkur tashabbus aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, shuningdek, giyohvandlik kabi zararli illatlarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Marafon ishtirokchilari belgilangan masofani bosib o‘tish orqali sog‘lom turmush tarziga intilish, hamjihatlik va faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘rnak ko‘rsatdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Bunday ommaviy sport tadbirlari aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida sport madaniyatini yuksaltirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.









