Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti shakllanadi
2026-10-14 12:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini shakllantirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va mehnat huquqlarini himoya qilish, ish joylarida xavfsiz, hurmatga asoslangan va kamsitishlardan xoli muhitni shakllantirish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda bunday holatlar yuzasidan murojaatlarni samarali ko‘rib chiqishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Qarorning asosiy maqsadi ish joylarida jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, ruhiy bosim, ta’qib, kamsitish hamda xizmat mavqeini suiiste’mol qilish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olish va aniqlangan holatlarga nisbatan samarali ta’sir choralarini ko‘rishni ta’minlashdan iborat.
Hujjatga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, nodavlat tashkilotlarda Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash dasturini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan.
Qarorning muhim jihatlaridan biri davlat organlari va tashkilotlari uchun “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portalini ishga tushirishdir.
Mazkur portal orqali xodimlar tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan onlayn murojaat qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish, dalillarni to‘plash, tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish hamda ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, murojaat mas’ul xodimning o‘ziga, uning bevosita rahbariga yoki tashkilotning boshqa mansabdor shaxsiga nisbatan berilgan taqdirda, uni yuqori turuvchi instansiyaga avtomatik ravishda yo‘naltirish mexanizmi belgilanmoqda. Bu manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va murojaatlarning xolis ko‘rib chiqilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tazyiq yoki zo‘ravonlik holatida ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsa, tegishli murojaatlarni “112” yagona dispetcherlik xizmati orqali vakolatli organlarga yuborish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur mexanizm ichki mehnat tartib-taomillari bilan cheklanib qolmasdan, huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lgan holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘z vaqtida aralashuvini ta’minlashga qaratilgan.
Qaror, shuningdek, mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etishni nazarda tutadi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikka barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan. Bu mehnat munosabatlarida inson qadr-qimmati, xavfsizligi va tengligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro yondashuvlarni milliy qonunchilik va amaliyotga kengroq tatbiq etish uchun huquqiy asos yaratishi mumkin.
Hujjatning asosiy ahamiyati shundaki, xodimlar huquqlarini himoya qilish jarayonlarini raqamlashtirish, murojaatlarning maxfiyligi va xolis ko‘rib chiqilishini ta’minlash, mas’ul shaxslarni belgilash, profilaktik o‘qitishni yo‘lga qo‘yish hamda zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb etishni qamrab olgan yaxlit tizimni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Dilshodbek QAYUMOV,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyati kengashi apparatining mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi.
