Prezident tashrifidan so‘ng...
2026-10-14 10:55:00 / Yangiliklar

Bir hududni tasavvur qiling. Tabiati nihoyatda go‘zal, odamlari mehmondo‘st. Sayyohlar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan tarixiy va tabiiy maskanlari bisyor. Xorijiy investorlar ham bu yerga sarmoya kiritib, yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqadi. Ammo bitta “kichkinagina” muammo bor: hudud aeroporti zamon talablariga javob bermaydi.
Xo‘sh, bunday vaziyatda nima yuz beradi? Keling, buni oddiy misollar orqali ko‘rib chiqamiz.
Investorlar vaqtning har bir daqiqasini qadrlaydi. Agar samolyotlar o‘z vaqtida qo‘nmasa, xizmat ko‘rsatish sifati past bo‘lsa yoki aeroport yirik havo kemalarini qabul qila olmasa, biznes jarayonlari sekinlashadi. Natijada sarmoyadorlar qulay sharoitlar mavjud bo‘lgan boshqa hududlarni tanlaydi.
Tabiat qanchalik maftunkor bo‘lmasin, uzoq va mashaqqatli yo‘l insonni charchatadi. Sayyohlar uzoq vaqt yo‘l bosib, talabga javob bermaydigan aeroportda ham noqulayliklarga duch kelsa, bu hududga qayta tashrif buyurish istagi kamayadi. Oqibatda mehmonxonalar, kafelar, restoranlar va gidlarning daromadlari ham pasayishi mumkin.
Shu bois mutaxassislar zamonaviy va qulay aeroportni shunchaki samolyotlar uchib-qo‘nadigan maskan sifatida baholamaydi. U hududning yuzi, iqtisodiyotining yuragi va taraqqiyot sari ochilgan darvozasidir. Bu darvoza qanchalik keng ochilsa, hududga shunchalik ko‘p imkoniyat, farovonlik va taraqqiyot kirib keladi.
Bu tasavvurlarimiz bejiz emas. Zero, bugun Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida so‘z yuritamiz.
Mazkur aeroport 1978-yilda qurilgan. Oradan yillar o‘tib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berildi. Biroq vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgardi. Eskirgan infratuzilma zamon talablariga, ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga va yirik havo kemalarini qabul qilish ehtiyojlariga javob bera olmay qoldi. Shu sababli aeroportni tubdan qayta qurish va modernizatsiya qilish zarurati yuzaga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriqlar va ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor natijasida ushbu havo bandargohida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlandi. Aeroport aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini hisobga olsak, bu jarayonni aeroportni amalda qaytadan barpo etish, deb atash mumkin.
Birinchi bosqichda uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirildi. Uning kengligi 60 metrni tashkil etadi. Endilikda yo‘lak xalqaro standartlarga mos 4E toifasiga javob beradi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 10 ta havo kemasiga xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan samolyotlar turargohlari va rullash yo‘laklari barpo etildi.
Infratuzilmaning mustahkamligi va uzoq muddat xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan sifatli sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyadan keltirilgan yuqori aniqlikdagi yoritish va signal tizimlari o‘rnatildi. Ushbu uskunalar tungi vaqtda, shuningdek, quyuq tuman sharoitida ham samolyotlarni xavfsiz qabul qilish imkonini beradi. Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqargan holatlarda ham havo kemalarining xavfsiz qo‘nishi uchun sharoit yaratiladi. Bu esa ilgari andijonliklar uchun amalga oshishi qiyin bo‘lgan imkoniyatlardan biri edi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy va keng imkoniyatlarga ega aeroportlar hududlar iqtisodiyotining rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Turkiyaning Antaliya yoki Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shaharlarida aeroport infratuzilmasining rivojlanishi turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarining kengayishiga xizmat qilgan. Xorijdan amalga oshiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar sayyohlar oqimini ko‘paytirish, investitsiyalarni jalb etish va mahalliy biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim omil hisoblanadi.
Andijon aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi ham ana shunday keng ko‘lamli maqsadlarga qaratilgan. Ayni paytda umumiy maydoni 19,6 ming kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi qurilmoqda.
— Ushbu aeroport qurilishi ham davlatimiz rahbarining shaxsan e’tiborida, — deydi “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev. — Buni Prezidentimizning sentabr oyida Andijon viloyatiga tashrifi aynan shu obyektda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlaganida ham ko‘rish mumkin. Ilgari aeroport soatiga bor-yo‘g‘i 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olardi. Yangi terminal ishga tushirilgach, bu ko‘rsatkich besh baravar oshib, soatiga 1 000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Hududda yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va zamonaviy raqamli xizmatlar joriy etiladi. Bu yo‘lovchilarning vaqtini tejash va ularga yuqori darajadagi qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. Kelgusida yillik aviaqatnovlar sonini 808 tadan 2 500 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati esa yiliga 3,5 million nafarga yetkaziladi.
Darhaqiqat, bu yangilanishlar oddiy andijonliklar, viloyat iqtisodiyoti va sayyohlar uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Avvalo, Andijon va qo‘shni viloyatlar aholisi uchun dunyo bo‘ylab sayohat qilish yoki xorijdagi yaqinlari bilan uchrashish ancha osonlashadi. Endilikda buning uchun Toshkentga yoki boshqa hududlardagi aeroportlarga borishga ehtiyoj kamayadi. Keng fyuzelyajli yirik samolyotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Andijonga qo‘nishi parvozlar geografiyasini kengaytirish va aviachiptalar narxlarini maqbullashtirish uchun ham imkoniyat yaratishi mumkin.
Shuningdek, turizm va biznes yangi bosqichga ko‘tariladi. Farg‘ona vodiysining maftunkor tabiati, qadimiy qadamjolari va boy hunarmandchilik an’analari xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etish uchun katta salohiyatga ega. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar sonining ko‘payishi esa sayyohlar oqimining ortishiga, mahalliy turizm xizmatlariga talabning kengayishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat — viloyat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Aeroport atrofida mehmonxonalar, restoranlar, logistika markazlari va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish uchun sharoit kengayadi. Bu yangi ish o‘rinlari yaratilishi, tadbirkorlik faolligining ortishi va aholi daromadlarining oshishiga xizmat qilishi mumkin. Mahalliy mahsulotlar hamda qishloq xo‘jaligi tovarlarini xorijiy bozorlarga tezkor va o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyatlari ham kengayadi.
Maqolamiz avvalida bir “kichkinagina” muammo haqida so‘z yuritgan edik. Zamonaviy dunyoda vaqt va qulaylik taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblanadi. Agar ana shu muammo o‘z vaqtida hal etilmaganida, butun bir viloyatning ulkan iqtisodiy va turistik salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatlari cheklangan bo‘lib qolaverardi.
Bugun Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan yangilanishlar nafaqat transport infratuzilmasini takomillashtirish, balki viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, turizmni rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim qadamdir.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA sharhlovchisi


