Raqamli ta’lim: intellektual salohiyatli yoshlar safi kengaymoqda
2026-10-14 10:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, IT ta’limini rivojlantirish, soha mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, yoshlarni kasbga tayyorlash hamda ularni istiqbolli yo‘nalishlarga yo‘naltirishga qaratilgan qator loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Bu borada Andijon viloyatida olib borilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
— Viloyatimizda raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar tizimli va izchil ravishda amalga oshirilmoqda, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi Andijon viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Sherzodbek Madaminjonov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi, “Raqamlashtirish orqali farovonlik sari” dasturi hamda yoshlar va davlat xizmatchilarini xalqaro IT sertifikatlariga tayyorlash platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 2030-yilga qadar mamlakatimiz bo‘ylab jami 5 million nafar maktab o‘quvchisi, talaba, pedagog va davlat xizmatchisini o‘qitish rejalashtirilgan.
Loyihaning aileaders.uz platformasi orqali aholi va yoshlarni sun’iy intellekt hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha bepul onlayn kurslarga jalb etish, raqamli savodxonlik darajasini oshirish, mustaqil bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, zamonaviy va yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish hamda mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning may oyida loyiha doirasida yuqori natijalarga erishgan andijonlik 96 nafar ishtirokchi “Milliy tanlov” g‘oliblari sifatida munosib rag‘batlantirildi.
Viloyatda loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligining Andijon viloyati hududiy sho‘basi hamda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazining viloyat bo‘limi tomonidan tuman va shahar hokimliklari, oliy va professional ta’lim muassasalari hamda umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida Andijon viloyatidan jami 374 ming nafar foydalanuvchi qamrab olindi. Shundan 310 ming nafari aileaders.uz platformasi orqali “AISTUDY” kurslarida, 64 ming nafari esa “Coursera” kurslarida tahsil oldi. Ular orasida maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari bor.
Shuningdek, IT Park Uzbekistan’ning Andijon filialida qariyb 20 ta IT yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ayni paytda ushbu kurslarda 350 nafardan ortiq yosh tahsil olmoqda.
Davlat xizmatchilari, tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda xodimlarining sun’iy intellekt sohasidagi bilim va malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyatdagi 16 ta tuman va shahar hokimi, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, tashkilot va muassasalarning 5,5 ming nafar rahbar va xodimi sun’iy intellekt yo‘nalishida o‘qitilib, bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
“Raqamlashtirish orqali farovonlik sari” dasturi doirasida ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoshlarni axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun bepul kurslar ham yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning o‘tgan davrida ijtimoiy reyestrga kiritilgan 4,5 ming nafardan ortiq yosh itstudy.uz platformasi orqali onlayn ta’lim oldi.
Yoshlar va davlat xizmatchilarini xalqaro IT sertifikatlariga tayyorlash platformasi doirasida esa 300 nafardan ortiq yosh tahsil olib, xalqaro IT sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Viloyatda yoshlarni zamonaviy kasblarga qiziqtirish, ularga axborot texnologiyalari sohasidagi xalqaro tajriba va amaliy ko‘nikmalarni yetkazish, shuningdek, muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini o‘rgatish maqsadida tajribali IT mutaxassislari ishtirokida “MEET UP” yo‘nalishida 40 ga yaqin uchrashuv, taqdimot va boshqa tadbirlar tashkil etildi.
Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida axborot texnologiyalariga qiziquvchi xotin-qizlar uchun “GAP Ayollar IT-klubi” loyihasi doirasida seminar-treninglar va amaliy uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur loyiha xotin-qizlarning zamonaviy kasblar, raqamli texnologiyalar va innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish, kasbiy rivojlanishi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
— Loyiha doirasida tashkil etilgan tadbirda axborot texnologiyalariga qiziquvchi xotin-qizlarga o‘z faoliyatim, ish jarayonida axborot texnologiyalarining o‘rni va ahamiyati, ulardan samarali foydalanish borasidagi tajribalarim haqida so‘zlab berdim. Ishtirokchilar bundan mamnun bo‘lishdi va IT sohasi imkoniyatlari naqadar keng ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilishdi, — deydi Andijon shahridagi ingliz tiliga ixtisoslashgan “ENGLISH LIFE” xususiy maktabi ta’sischisi Nilufar Nuralieva.
Joriy yilning aprel oyida Andijon davlat universitetida informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun “INFOTEACH – 2026” respublika forumi o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan qariyb 400 nafar pedagog ishtirok etdi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida tashkil etilgan seminar mashg‘ulotlariga tajribali spikerlar va soha mutaxassislari jalb qilindi. Ular ishtirokchilarga IT sohasida zarur bo‘lgan bilim va amaliy ko‘nikmalarni yetkazdi.
Xonobod shahrida barpo etilgan “IT shaharcha” yoshlar axborot texnologiyalari markazining foydalanishga topshirilishi ham yoshlarning IT ta’limi olish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Markazda yiliga 400 nafardan ortiq yoshni o‘qitish imkoniyati mavjud. Eng muhimi, loyiha doirasida 5–11-sinf o‘quvchilari raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni bepul egallashlari mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Andijon viloyatida raqamli ta’limni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va aholining raqamli savodxonligini oshirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalar kelgusida IT sohasida chuqur bilimga ega, yuqori intellektual salohiyatli va raqobatbardosh yoshlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.






