“Toza shahar – barchamiz uchun!”: ekologik madaniyatni yuksaltirish yo‘lida
2026-10-13 15:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda loyiha tashkilotchilari, ekologik faollar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida respublikaning 13 ta hududida “Toza shahar” mavzusidagi o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi, ularda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, ularni alohida yig‘ish, saralash, qayta foydalanish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiev loyiha va o‘quv mashg‘ulotining maqsad hamda vazifalari, shuningdek, uning ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
“Loyihaning asosiy maqsadi aholi ekologik madaniyatini yuksaltirish, qattiq maishiy chiqindilarga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda ularni samarali boshqarish bo‘yicha ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat. Shu bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va aholining o‘rni, roli hamda ishtirokini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi”, — dedi Sherzodbek Valiev.
Tadbirda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Foziljon Yunusov hamda Andijon viloyati Mintaqaviy tadqiqot markazi rahbari Shuhratbek Kamalovning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalarda chiqindilarga shunchaki tashlab yuboriladigan material sifatida emas, balki qayta ishlash va qayta foydalanish orqali iqtisodiy qiymat yaratish imkonini beruvchi resurs sifatida qarash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, chiqindilarni samarali boshqarishning iqtisodiy ahamiyati va aylanma iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
“Toza shahar” o‘quv kampaniyasi doirasidagi mashg‘ulotlar uchun umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan “Nol chiqindi” mavzusidagi axborot-ta’lim materiallari to‘plami ishlab chiqilgan. To‘plamdan yoshlarning ekologik bilimlarini boyitish va qattiq maishiy chiqindilarga nisbatan mas’uliyatli munosabatini shakllantirishga qaratilgan materiallar o‘rin olgan. Ushbu materiallarni respublika bo‘yicha 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablariga tarqatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, loyiha doirasida “Yoshlar mediakampaniyasi” tadbirlari ham o‘tkaziladi. Ularga 10 ming nafar yoshni qamrab olish ko‘zda tutilgan. Interfaol o‘yinlar, videoroliklar, taqdimotlar va infografikalar orqali yoshlarning ekologik madaniyatini yanada mustahkamlash maqsad qilingan.
Chiqindilarni kamaytirish, ularni to‘g‘ri saralash va qayta ishlashga qaratilgan mazkur loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik musaffolikni ta’minlash hamda kelajak avlod uchun toza va barqaror muhit yaratishga xizmat qiladi.


