Yarmarka — talaba-yoshlar uchun keng imkoniyatlar maydoni
2026-10-10 13:05:00 / Yangiliklar

Andijon davlat universitetida “Kelajak tadbirkori – 2026” kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy bank, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Andijon shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ochilishida Andijon davlat universiteti rektori, professor Baxtiyorjon Akbaraliyev hamda “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov so‘zga chiqdi.
Ma’ruzachilar mamlakatimizda yoshlar, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Yarmarkada viloyatdagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalar, shuningdek, xususiy sektor vakillari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
“Yarmarkaning asosiy maqsadi yoshlar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashishiga ko‘maklashish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Ishonamanki, ko‘plab yoshlarimiz yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarda ishga joylashadi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun zarur maslahat va amaliy yordam oladi”, — dedi “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov.
Viloyatdagi texnikumlar, umumta’lim maktablari va nodavlat ta’lim muassasalari ham o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.
“Yarmarkada rus tili, matematika, boshlang‘ich ta’lim va boshqa fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashyapmiz. Ishga joylashish istagidagi ko‘plab bitiruvchilar bilan suhbatlashib, talab va takliflarimizni bildirdik. Andijon davlat universiteti va pedagogika institutining 20 nafardan ortiq bitiruvchisi jamoamizda ishlashga qiziqish bildirdi”, — dedi Andijon shahridagi “Boburiy” xususiy maktabi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Faxriddin Ikromov.
Andijon shahridagi O‘zbekiston–Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi “Uz-Semyung Ko” ham yarmarkada faol ishtirok etib, presslash va payvandlash sexlari hamda korxonaning boshqa yo‘nalishlaridagi qariyb 200 ta bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi. Ushbu imkoniyatlar Andijon davlat texnika instituti bitiruvchilari, shuningdek, tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha texnikum va kasb-hunar maktablarida tahsil olgan yoshlarning e’tiborini tortdi.
“Men Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olaman. Ushbu mehnat yarmarkasi men kabi ko‘plab yoshlarga ish topish uchun keng imkoniyat yaratdi. O‘zimga ma’qul ish o‘rinlaridan birini tanlab, ishga joylashishga harakat qilaman”, — dedi institutning to‘rtinchi bosqich talabasi Alisher Asqaraliyev.
Jalaquduq tumanidagi “Safir-tekstil” korxonasi ham 50 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Korxona vakillari, asosan, tikuvchilik kasbiga ega yoki ushbu yo‘nalishda ishlash istagidagi xotin-qizlarni ishga taklif etib, ularga mavjud shart-sharoit va imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Yarmarka doirasida “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi direktori, viloyat banklari mutaxassislari, “SAM BRIGHT LINE” oilaviy korxonasi rahbari hamda ish beruvchi tashkilotlar vakillari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi.
Unda bitiruvchilarning biznes loyihalari va tadbirkorlik tashabbuslari muhokama qilinib, ularni amalga oshirish, moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda mehnat bozorida munosib o‘rin egallash yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” loyihasi doirasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki kengaytirish istagidagi bir guruh yoshlar va bitiruvchi talabalarga imtiyozli kredit olish uchun bank vaucherlari topshirildi.
“Men Andijon shahrida logistika yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganman. Loyihamni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ‘O‘zmilliybank’ tomonidan 500 million so‘m kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan faoliyatimni yanada rivojlantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganman”, — dedi yosh tadbirkor Abdurauf Rahmatullayev.
Mazkur loyiha yoshlarning istiqbolli biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali bitiruvchilar bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Yarmarka davomida “O‘zmilliybank” viloyat boshqarmasi, viloyatdagi tijorat banklari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mutaxassislari bitiruvchi yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kredit olish va rasmiylashtirish tartibi hamda mehnat qonunchiligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir yoshlarning kasbiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularni ish bilan ta’minlash va istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.





