ANDIJON TUMANIDA DUAL TA’LIM: NAZARIYA VA AMALIYOT UYG‘UNLIGI
2026-10-09 13:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda professional ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan dual ta’lim shakli o‘zining samaradorligini namoyon etmoqda.
Xususan, Andijon tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida yetakchi korxona va tashkilotlarda nazariy bilimlarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirgan holda tahsil olmoqda.
Mazkur tizim doirasida o‘quvchilar zamonaviy texnologik jarayonlarda bevosita ishtirok etib, tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha zarur amaliy ko‘nikma va kasbiy tajribaga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, dual ta’lim yoshlarga olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlash bilan birga, shartnoma asosida haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida faoliyat yuritish imkoniyatini ham yaratmoqda.
Bunday samarali yondashuv raqamli iqtisodiyot va zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ularning kelgusida munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.






