Shahrixonda Oila va xotin-qizlar maskani faoliyatini boshladi
2026-10-05 16:35:00 / Yangiliklar

Shahrixon tumani markazidagi “Buvayda” mahallasida Oila va xotin-qizlar maskani o‘z faoliyatini boshladi.
Yangi maskanning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraхon Yunusova, tuman hokimi Hikmatullo Dadaxonov, xotin-qizlar faollari, nuroniylar, hamkor tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash va oilalar farovonligini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor ta’kidlandi.
Mazkur maskan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida tashkil etildi. Bu yerda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish va mavjud masalalarga yechim topish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etiladi. Maskanda huquqiy va psixologik maslahat xizmatlari ham faoliyat yuritadi.
Yangi maskan tumanda oila va xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.



