Turizm ko‘chasi shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi
2026-10-06 10:45:00 / Yangiliklar

Hududning turizm va xizmat ko‘rsatish salohiyatini rivojlantirish maqsadida Andijon shahrining Amir Temur shohko‘chasida 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan zamonaviy turizm ko‘chasi tashkil etildi. Mazkur maskan shahar aholisi va mehmonlarining mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, hudud obodonchiligi hamda shaharning zamonaviy shaharsozlik qiyofasini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida tashkil etilgan ko‘chaning uzunligi 0,5 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda keng piyodalar va velosiped yo‘laklari, zamonaviy selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari barpo etilib, aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Zamonaviy va o‘ziga xos me’moriy qiyofaga ega mazkur ko‘chada “Feed Up”, “Giotto”, “Violette” kabi yetakchi restoran va kafe brendlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, avtomobillar uchun 7 qavatli avtomatlashtirilgan, liftli avtoturargoh ham barpo etilgan.
Joriy yil yakuniga qadar turizm ko‘chasida 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ko‘chaning ishga tushirilishi natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kelgusida bu yerdagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining yillik savdo aylanmasini 20,4 milliard so‘mga, budjet tushumlarini esa 2,4 milliard so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mazkur maskanga kuniga 5–6 ming nafargacha aholi va mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda. Ularga sutka davomida uzluksiz savdo, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
Yangi turizm ko‘chasi nafaqat andijonliklar uchun mazmunli dam olish va hordiq chiqarish maskani, balki mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi, shaharning eng gavjum va zamonaviy nuqtalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.








