Andijon shahrida yangi yo‘l va piyodalar ko‘priklari foydalanishga topshirildi
2026-09-29 13:00:00 / Yangiliklar

Andijon shahridagi Bobur shohko‘chasining ikki qismini bog‘lovchi avtomobil yo‘l o‘tkazgichi hamda mazkur ko‘chaning “Yangi bozor dehqon bozori” hududidagi piyodalar o‘tish ko‘prigining foydalanishga topshirilishi aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratdi.
Shaharda transport qatnovidagi tirbandliklarni kamaytirish, shahar markazlarini o‘zaro bog‘lash, aylanib o‘tiladigan masofani qisqartirish hamda aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida barpo etilgan avtomobil ko‘prigining umumiy uzunligi 796 metrni tashkil etadi. Shundan 596 metri estakada qismi, 200 metri tirka devorlardan iborat bo‘lib, ko‘prikning kengligi 25,9 metrni tashkil etadi.
Umumiy qiymati 271 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida mazkur ko‘prik “Ko‘prikqurilish” AJ tomonidan barpo etildi. Natijada Bobur shohko‘chasining bir qismidan ikkinchi qismiga o‘tish uchun sarflanadigan vaqt 17 daqiqaga qisqardi.
— Men Bobur shohko‘chasining Yangi bozor hududidagi qismida yashayman, — deydi fuqaro Zohidjon Homidov. — Ilgari ko‘chaning ikkinchi qismida joylashgan ishxonamga yetib borish uchun 30–35 daqiqa vaqt sarflardim. Tirbandlik yuzaga kelgan paytlarda esa bu vaqt 50 daqiqagacha cho‘zilardi. Yangi ko‘prik foydalanishga topshirilgach, ishga borish uchun 15 daqiqa vaqt sarflayapman. Eng muhimi, tirbandliklarga barham berildi. Yangi ko‘prik nafaqat masofani qisqartirdi, balki shahrimiz qiyofasiga ham o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishladi.
Shaharning Yangi bozor hududidagi piyodalar o‘tish joyi Andijon shahrining eng gavjum nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bozorga keluvchi fuqarolar, shuningdek, Asaka, Marhamat, Shahrixon va Bo‘ston tumanlaridan qatnovchi yo‘lovchi tashish transport vositalari aynan shu hududdan o‘tadi. Tumanlardan kelgan fuqarolarning aksariyati mazkur piyodalar o‘tish joyidan foydalanib, shaharning turli hududlariga yo‘l oladi.
Shu sababli ushbu hududda doimiy ravishda transport va piyodalar harakati bilan bog‘liq tirbandliklar yuzaga kelib kelgan.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida piyodalar uchun zamonaviy osma ko‘prik barpo etildi. Unda chiqish va tushish uchun eskalatorlar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun lift o‘rnatilgan. Bu esa hududda piyodalar va transport vositalarining xavfsiz hamda tartibli harakatlanishi uchun zarur sharoit yaratdi.
— Men Asaka tumanida yashayman va har kuni Andijon davlat universitetiga ishga kelaman, — deydi ADU o‘qituvchisi Xurshidaxon A’zamova. — Ilgari ushbu piyodalar o‘tish joyidan foydalanish ko‘pchilik qatori men uchun ham qiyinchilik tug‘dirardi. Endilikda piyodalar uchun zamonaviy osma ko‘prik barpo etilgani tufayli bu yerdan xavfsiz va bemalol o‘tish imkoniyati yaratildi. Aholi uchun bunday qulayliklar yaratilayotgani, avvalo, inson manfaatlariga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, shaharda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik va infratuzilmaviy loyihalar aholining kundalik hayotini yengillashtirish, harakatlanish qulayligini oshirish, yo‘l va transport xavfsizligini ta’minlash hamda shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.




