Tozalik aksiyasida andijonliklar faol qatnashdi
2026-09-22 15:25:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida hamda ko‘ngilli yurtdoshlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida tabiatni asrash, hududlar obodonchiligi va tozaligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
— Tozalik aksiyasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududlarni chiqindilardan tozalash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdan iborat. Shu bilan birga, tadbir orqali aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ona tabiatni asrab-avaylash, atrof-muhit musaffoligini saqlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ularning ekologik bilim va tushunchalarini boyitish ko‘zda tutildi, — deydi Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Nazarov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur xayrli va ibratli tadbirda andijonliklar faol ishtirok etdi. “Befarq bo‘lmaylik, o‘zimiz yashayotgan hudud tozaligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik!” degan ezgu maqsad yo‘lida birlashgan aholi vakillari va yoshlar tomonidan Bobur shahri hududi chiqindilardan tozalandi, obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan barcha ishlar muvofiqlashtirilib, ishtirokchilar zarur qo‘lqoplar va chiqindi yig‘ish uchun maxsus qoplar bilan ta’minlandi. To‘plangan chiqindilarni belgilangan joylarga olib chiqish uchun maxsus texnika vositalari jalb etildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan aksiyada faol ishtirok etgan bir guruh yurtdoshlarga tashakkurnomalar topshirildi.



