Ijtimoiy himoya: xotin-qizlar turli kasblarga o‘qitiladi
2026-09-25 14:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Nasibaxon To‘ychiyeva mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish va doimiy daromad manbaini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “Xotin-qizlar bandligi va rivojlanish markazi” loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magiga asoslangan mazkur loyiha “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida xotin-qizlar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, ularni turli kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda mustaqil daromad manbaini shakllantirishga ko‘maklashuvchi markaz tashkil etiladi. Markazda bepul ta’lim va amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha ijrochisi — “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Dilfuza Ishanova loyiha doirasida xotin-qizlar uchun yaratiladigan imkoniyatlar, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, shuningdek, huquqiy va psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtaldi.
Tadbirda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining Andijon viloyati bo‘linmasi rahbari Zarifaxon Ahmedova ham ishtirok etib, Jamg‘arma tomonidan ajratiladigan grant, ijtimoiy buyurtma va subsidiya mablag‘lari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda Fond tomonidan viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator loyihalari jami 2 milliard 750 million so‘m miqdorida grant va ijtimoiy buyurtma shaklida moliyalashtirilgan.
Yangi markazda xotin-qizlarni zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash hamda iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib boriladi.
Tadbir yakunida loyiha ijrochisiga tegishli sertifikat tantanali ravishda topshirildi.



