Yurtboshimiz ishonchiga munosib bo‘lamiz
2026-09-25 10:20:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida korxonamiz faoliyati, xususan, intensiv usulda baliq yetishtirish loyihamiz bilan yaqindan tanishgani jamoamizni behad quvontirdi.
Korxonamizning intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi baliqchilik sohasini rivojlantirish hamda Farg‘ona vodiysidagi baliqchilik xo‘jaliklarini forel chavoqlari bilan ta’minlashdan iborat.
Umumiy qiymati 30 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida 2 gektar maydonda tashkil etilgan maxsus hovuzlarda intensiv usulda yiliga 2,5 million dona baliq chavoqlari hamda 200 tonna baliq go‘shti yetishtiriladi.
Loyiha doirasida 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Kelgusida Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga 2 million AQSh dollari qiymatidagi forel chavoqlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Majmuada suvni biologik usulda tozalash imkonini beruvchi bir hujayrali suv o‘ti — xlorella suspenziyasini yetishtirish laboratoriyasi ham tashkil etilgan. Xlorella yordamida tozalangan suv hosildorlikni 15–20 foizgacha oshirishga xizmat qiladi.
Majmuaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji quyosh panellari orqali ishlab chiqariladigan yashil energiya hisobidan to‘liq qoplanadi. Hovuzlardan chiqadigan, ammiak, fosfor va kalsiy bilan tabiiy ravishda boyigan suv esa isrof qilinmasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bu nafaqat suv resurslarini tejash, balki hosildorlikni oshirish imkonini ham beradi.
Mazkur ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali 2 gektar maydonda an’anaviy usulda 100 gektarlik suv havzasida yetishtirish mumkin bo‘lgan hajmdagi mahsulotni olish imkoniyati yaratilmoqda.
Prezidentimiz loyihamiz va amalga oshirilgan ishlar bilan bevosita tanishib, faoliyatimizni ijobiy baholadi. Shu bilan birga, loyiha samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.
Prezidentimizning korxonamizga tashrifi, u kishi bilan bo‘lgan muloqot, ayniqsa, faoliyatimizga berilgan ijobiy baho nafaqat menga, balki butun jamoamizga katta kuch, shijoat va g‘ayrat bag‘ishladi.
Endilikda yanada samarali mehnat qilish, Yurtboshimiz bildirgan ishonch va bergan bahoga munosib bo‘lish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shish yo‘lida astoydil harakat qilamiz.
G‘ofirjon Sobirov,
Baliqchi tumanidagi “Chinobod real biznes” MChJ rahbari
