Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish – muhim vazifa
2026-09-19 10:35:00 / Yangiliklar

Unda Shahrixon tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ergashxon Begmatova, Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Surayyo Mamatqulova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Jasurbek Ibrohimov, tuman mahallalaridagi xotin-qizlar faollari, otinoyilar, probatsiya ro‘yxatida turgan hamda himoya orderi olgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda Shahrixon tumanida oila-turmush munosabatlari doirasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, nizoli oilalar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlarning odam savdosidan jabrlanishining oldini olish, profilaktik hisobda va probatsiya nazoratida turgan fuqarolar bilan individual profilaktik ishlarni kuchaytirish, himoya orderi olgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Muloqot davomida mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, oilalardagi nizoli vaziyatlarni barvaqt bartaraf etish va aholining huquqiy savodxonligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida oilalarda sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.



