“Yangi O‘zbekiston yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
2026-09-15 10:50:00 / Yangiliklar

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda institut rektorining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Furqatbek Nodirbekov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Muslima Abduqahhorova, Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Obidaxon Yusupova, shuningdek, institutning bir guruh faol, izlanuvchan va tashabbuskor yoshlari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida yangi qabul qilingan talabalarga oliy ta’limda yaratilgan imkoniyatlar, talabalik hayoti, sifatli ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish, turli tanlov, loyiha va tashabbuslarda ishtirok etish, shuningdek, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘laqonli namoyon etish uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, ilm-fan, innovatsiya va jamoatchilik faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish hamda ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbir mehmonlari — yuqori natijalarga erishib kelayotgan talabalar va yosh ustozlar o‘zlarining hayotiy tajribalari, ta’lim va faoliyat jarayonida erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdilar. Ular muvaffaqiyatga erishish yo‘lida izlanish, qat’iyat, mehnat, puxta bilim va yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri hamda samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Shu bilan birga, 1-bosqich talabalarini o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yish, doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda institut va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqirdilar.
Qiziqarli va mazmunli muloqot davomida talabalar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tadbir mehmonlari va mas’ullardan batafsil javoblar oldilar.
Davra suhbati yangi talabalar uchun oliy ta’lim muhitiga moslashish, o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash va talabalik davrini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladigan muhim muloqot maydoniga aylandi.



