Andijon viloyatidagi barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi
2026-09-07 10:25:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Andijon davlat tibbiyot institutida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlarini yangi o‘quv yili va Bilimlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Tantanali marosim davomida iqtidorli yoshlar va talabalar tomonidan tayyorlangan, Vatan madhini, tinchlik va yoshlik shijoatini tarannum etuvchi she’riy chiqishlar hamda go‘zal kuy-qo‘shiqlardan iborat madaniy dastur namoyish etildi.
Tadbirdan so‘ng viloyat hokimi talabalar uchun “Mustaqillik darsi”ni o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqot tarzida tashkil etilgan dars davomida Shuhratbek Abdurahmonov mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’matlardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Viloyat rahbari o‘z nutqida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, oliy ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini yuksaltirish hamda talabalar uchun zamonaviy ta’lim va ijtimoiy sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarning zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, ularning intellektual salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekani ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini yangi maqsad va vazifalar asosida davom ettirish, yoshlarning puxta bilim olishi hamda ularning kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.









