Andijonda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari muhokama qilindi
2026-09-04 18:30:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xitoyning CHINA CAMCE kompaniyasi raisi Wang Bo bilan Zoom platformasi orqali muloqot qildi.
Onlayn uchrashuvda Andijon viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari hamda ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Xususan, “Kampirovot” suv olish inshooti negizida sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega ichimlik suvini tozalash stansiyasini barpo etish hamda Xonobod–Asaka yo‘nalishida uzunligi 81,4 kilometr bo‘lgan magistral suv quvurini qurish loyihalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Andijon transchegaraviy sanoat-savdo va logistika markazini tashkil etish, Andijon shahri oqova suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda Bobur shahrida zamonaviy markaziy stadion barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muloqot yakunida mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish hamda keyingi chora-tadbirlarni belgilab olishga kelishib olindi.





