Andijon uzumlari Belarus bozorida
2026-09-05 00:05:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatida yetishtirilgan dastlabki 20 tonna uzum Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatiga eksport qilindi.
Mazkur eksport Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Belarus bozoriga “Andijon qora”, “Husayni”, “Toifi”, “Mersedes” va “Kelin barmoq” navlaridagi uzumlar yetkazib berildi. Mahsulotlar Belarusdagi yirik importyor korxonalardan biri — “Frutreal” MChJ tomonidan qabul qilinib, mamlakatning turli hududlaridagi savdo shoxobchalariga yetkaziladi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlarni yetkazib berish, investitsiyaviy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlar belgilangan.
Andijon uzumlarining Belarus bozoriga eksport qilinishi mahalliy mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish hamda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.



