Yo‘l harakati xavfsizligi: profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda
2026-09-05 00:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatida velosiped, moped va skuter haydovchilari ishtirokida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Viloyat IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda haydovchilarga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, belgilangan tezlik me’yorlarini buzmaslik hamda harakatlanish vaqtida hushyor va e’tiborli bo‘lish zarurligi tushuntirilmoqda.
Shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning avtomobil yo‘llarida velosiped va skuter boshqarishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ota-onalar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, farzandlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Tadbirlarning asosiy maqsadi — yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish va YTHlarning oldini olish. Yo‘l qoidalariga amal qilish inson hayoti va salomatligini asrashning muhim shartidir.


