Ulug‘nor-Mazgilsay irrigatsiya tizimi boshqarmasi yangi binoda faoliyat boshladi
2026-09-04 09:05:00 / Yangiliklar

Obyektni foydalanishga topshirish marosimida Ulug‘nor tumani hokimligi vakillari, “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutasaddilari, soha mas’ullari, faxriylar, mahalla faollari va aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi yer maydonlari hamda aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish qishloq xo‘jaligida barqaror hosildorlikni ta’minlash, suv iste’molchilarining ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida muhim ahamiyatga ega.
“Ulug‘nor-Mazgilsay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi shu vaqtga qadar alohida ma’muriy binoga ega emas edi. Shu bois avval “Katta Andijon” magistral kanali boshqarmasiga tegishli bo‘lgan bino mazkur boshqarmaga ajratilib, kapital ta’mirdan chiqarildi.
Ta’mirlash ishlari yakunlangach, binoda xodimlarning samarali faoliyat yuritishi, suv iste’molchilarini qabul qilish, murojaatlar bilan ishlash va kundalik ish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi boshqarma faoliyatini yanada samarali tashkil etish, suv iste’molchilari bilan ishlash sifatini oshirish hamda hududlarda suv resurslarini boshqarish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, “Ulug‘nor-Mazgilsay” irrigatsiya tizimi boshqarmasi Andijon viloyatining Oltinko‘l, Baliqchi, Shahrixon, Ulug‘nor va Bo‘ston tumanlaridagi qariyb 80 ming gektar maydonning suv ta’minotiga xizmat qiladi.
Mazkur hududlarning suv bilan barqaror ta’minlanishida boshqarmaning faoliyati muhim o‘rin tutadi. Yangi va zamonaviy sharoitlarda ish boshlagan boshqarma jamoasi suv resurslaridan samarali foydalanish, suv yetkazib berish jarayonlarini yanada takomillashtirish va suv iste’molchilariga sifatli xizmat ko‘rsatish borasidagi vazifalarni izchil davom ettiradi.




