Andijonda 11-sinf o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-09-03 11:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida viloyat rahbari bitiruvchi sinf o‘quvchilarini yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularning kelajakdagi maqsad va intilishlari, qiziqishlari hamda kasb tanlash borasidagi rejalari bilan qiziqdi.
Samimiy muloqot shaklida o‘tgan suhbat davomida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishi hamda o‘z iqtidor va qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishi uchun mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Viloyat hokimi maktabni tamomlash arafasida turgan yoshlar uchun ushbu davrning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, vaqtdan unumli foydalanish, bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, oliy ta’limga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallash muhim vazifalardan ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, o‘quvchilarga oldilariga aniq maqsad qo‘yish, tanlagan kasbiga mas’uliyat bilan yondashish hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos bilim va kompetensiyalarni egallash zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ochiq va qizg‘in ruhda o‘tgan uchrashuv davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan viloyat hokimiga murojaat qilib, ta’lim, kasb tanlash, kelajakdagi faoliyat va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga doir taklif hamda tashabbuslarini bildirdilar.
Viloyat rahbari yoshlarning fikr va takliflarini tinglab, ularning ta’lim olish sharoitlarini yanada yaxshilash, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning o‘z kelajagiga daxldor masalalar yuzasidan erkin fikr bildirishi, tashabbuslarini ilgari surishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.






