Xalqaro hamkorlik: Belarus delegatsiyasi Buloqboshi tumanidagi uzumchilik tajribasi va sohani rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rgandi
2026-08-21 13:20:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga hududda uzum yetishtirishning yo‘lga qo‘yilgani, xonadonlarda tokzorlarni parvarishlash, hosildor navlarni yetishtirish va mahsulot sifatini oshirish bo‘yicha qo‘llanilayotgan usullar haqida ma’lumot berildi. Mehmonlar uzumzorlar va xonadonlardagi tokzorlarni ko‘zdan kechirib, mahalliy aholining bu boradagi ko‘p yillik tajribasi bilan tanishdilar.
Ayniqsa, aholi xonadonlaridan samarali foydalanish orqali uzumchilikni rivojlantirish, mavjud yer maydonlaridan unumli foydalanish, serhosil navlarni ko‘paytirish va yetishtirilayotgan mahsulotning bozor talablariga mosligini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muloqotlar chog‘ida uzumchilikda ilg‘or tajribalarni joriy etish va ommalashtirish, mahsulot yetishtirish samaradorligini oshirish, uning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, Buloqboshi tumanida uzumchilik qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i sifatida rivojlanish bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, xonadonlar daromadini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda ham muhim o‘rin tutmoqda.
Belarus delegatsiyasi vakillari Buloqboshi tumanida shakllangan uzumchilik tajribasi, aholi xonadonlaridagi mehnat samarasi va hududning ushbu yo‘nalishdagi salohiyatiga ijobiy baho berdilar.









