Paxtaobodda Mustaqillikning 35 yilligi arafasida yirik bunyodkorlik loyihalari: press-turda natijalar namoyish etildi
2026-08-10 13:50:00 / Yangiliklar

Paxtaobod tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Press-tur davomida tumanning turli hududlarida amalga oshirilayotgan ta’lim, transport, uy-joy, savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasiga oid loyihalarning borishi bilan yaqindan tanishildi.
Bugungi kunda Paxtaobod tumanidagi 68 ta mahallada 240 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik va transport infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy obyektlarni modernizatsiya qilish hamda zamonaviy shaharsozlik muhitini shakllantirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ta’lim infratuzilmasi yangilanmoqda
Press-tur ishtirokchilari dastlab tumanning Qashqar mahallasida joylashgan 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib borilayotgan rekonstruksiya va yangi bino qurilishi jarayoni bilan tanishdi.
Hozirda maktabda 1 300 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Umumiy qiymati 15 milliard 576 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida mavjud asosiy o‘quv binosi rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 450 o‘rinli yangi bino barpo etilmoqda.
Qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangach, o‘quvchilar va pedagoglar uchun zamonaviy ta’lim muhiti yaratilishi, maktabda o‘quvchilarni bir smenada o‘qitish imkoniyati kengayishi ko‘zda tutilgan.
Mahalla infratuzilmasi kompleks yangilanmoqda
Press-tur qatnashchilari Teraktagi mahallasining Kamolot va Muqanna ko‘chalarida olib borilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi.
Bu yerda ichki yo‘llarni asfaltlash, zamonaviy yoritish chiroqlarini o‘rnatish, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari joylashtirish, yo‘l bo‘ylarida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda mahalla guzari tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Nodirabegim mahallasida esa “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” konsepsiyasi asosida hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish va aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan kompleks loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida yo‘l va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, jamoat joylarini tartibga keltirish hamda mahallaning me’moriy qiyofasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
28 milliard so‘mlik yo‘l loyihasi amalga oshirilmoqda
Tumanda transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham muhim loyiha amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 28 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Zokirjon Habibiy, Nodirabegim va Guliston-Pastqishloq mahallalari hududidan o‘tuvchi 60V-127 avtomobil yo‘lining 4,7 kilometrlik qismi to‘rt tasmali yo‘lga rekonstruksiya qilinmoqda.
Loyiha doirasida yo‘l bo‘ylariga zamonaviy tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘laklar tashkil etish hamda “Yashil hudud”larni barpo etish rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha yakunlangach, transport vositalari harakati xavfsizligi va qulayligi oshishi, piyodalar hamda velosipedchilar uchun zamonaviy infratuzilma yaratilishi kutilmoqda.
4,5 gektarlik “Eko bozor” tashkil etilmoqda
Nodirabegim mahallasida savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha ham amalga oshirilmoqda.
“Samo” MChJ tomonidan qariyb 4,5 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Eko bozor” savdo majmuasi tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va aholiga ko‘rsatilayotgan servis sifatini oshirishga xizmat qiladi.
15 million dollarlik uy-joy loyihasi
Tumanda zamonaviy uy-joy fondini kengaytirish bo‘yicha ham yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
Ma’rifat mahallasida Xitoy investorlari tomonidan umumiy qiymati 15 million AQSh dollariga teng bo‘lgan loyiha doirasida 1,95 gektar maydonda 10 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda.
Qurilish ishlarida Xitoyning “YUAN TONG MEGA CONSTRUCTION” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Loyiha tumanda zamonaviy uy-joy fondini kengaytirish, aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda hududning shaharsozlik qiyofasini yangilashga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta’lim obyektida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda
Press-tur ishtirokchilari Shomat mahallasidagi 18-son ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishdi.
Umumiy qiymati 6 milliard 150 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida muassasada ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar obyektlardagi ishlarning amaldagi holati bilan bevosita tanishib, loyihalarning maqsadi, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish jarayoni va kutilayotgan natijalar yuzasidan mas’ullar hamda mutaxassislarga savollar berdi.
Paxtaobod tumanida amalga oshirilayotgan ushbu loyihalar ta’lim va transport infratuzilmasini yangilash, zamonaviy uy-joy va savdo obyektlarini barpo etish, mahallalar qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi uchun yanada qulay va munosib yashash muhitini yaratishga qaratilgan.







