Andijon davlat texnika institutida Xitoy bilan hamkorlikning yangi bosqichi: 2+2 ta’lim dasturi va xalqaro malaka oshirish imkoniyatlari kengaymoqda
2026-08-14 00:00:00 / Yangiliklar

Andijon davlat texnika instituti 2019-yildan buyon Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlik doirasida bugungi kunga qadar 22 nafar talaba qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalarining diplomlariga ega bo‘ldi.
Hamkorlikning yangi bosqichida Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan 2+2 qo‘shma bakalavriat ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, talabalar dastlabki ikki yilni Andijon davlat texnika institutida, keyingi ikki yilni esa Xitoydagi hamkor oliy ta’lim muassasasida tahsil olib, ikki davlat oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi qo‘shma dastur doirasida «Axborot tizimlari va texnologiyalari» hamda «Mexatronika va robototexnika» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda Andijon davlat texnika institutida Xitoy tili markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Markaz talabalarning xitoy tilini chuqur o‘rganishi, akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etishi va Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi professor-o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish va ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga joriy etishdan iborat.
Jumladan, Andijon davlat texnika institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari Xitoy Xalq Respublikasining Xefey shahrida «Yangi energiya manbali avtomobillarning asosiy texnologiyalari» mavzusida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etdi.
Dastur davomida ishtirokchilar elektr va gibrid avtomobillarning zamonaviy konstruksiyasi, quvvat batareyalari va texnologiyalari, intellektual transport tizimlari, transport vositalarini diagnostika qilish hamda texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamladilar.
Amaliy mashg‘ulotlarda yangi energiya manbali avtomobillarni diagnostika qilish, sanoat robotlarini boshqarish va dasturlash, shuningdek, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar o‘rganildi.
Xalqaro dastur doirasida institut vakillari Xefey shahridagi BYD va CHANGAN avtomobil ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishib, elektromobillarni ishlab chiqarish texnologiyalari, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari va innovatsion yechimlarni o‘rgandilar.
Olingan bilim va amaliy tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish, muhandislik ta’limi mazmunini zamonaviy sanoat talablari bilan uyg‘unlashtirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish xalqaro hamkorlikning muhim natijalaridan bo‘lmoqda.
Shu tariqa, Andijon davlat texnika instituti va Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik talabalar uchun qo‘shma ta’lim va ikki diplom imkoniyati, professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro malaka oshirish, ta’lim muassasasi uchun esa ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatni oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Xalqaro hamkorlikning bunday amaliy shakllari zamonaviy muhandislik sohalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim va ilm-fanga tatbiq etish hamda Andijonning oliy ta’lim tizimida xalqaro integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.





