Buloqboshi tumanida 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan eksportyor korxona yillik eksportini 3 million dollarga yetkazdi
2026-08-13 17:35:00 / Yangiliklar

Shunday korxonalardan biri — «Ko‘hna buloq» MChJga qarashli trikotaj fabrikasi 11 yil avval qishloqning chekka hududida kichik ishlab chiqarish sexi sifatida 100 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan.
Korxonani rivojlantirish maqsadida tuman zaxirasidan 60 sotix yer maydoni ajratilib, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish uchun zarur infratuzilma va sharoitlar yaratildi. Natijada korxona faoliyati bosqichma-bosqich kengayib, bugungi kunda 500 nafardan ziyod mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.
Umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollariga teng loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida xalqaro standartlarga mos, raqobatbardosh trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Korxonaning ishlab chiqarish hajmi bilan bir qatorda eksport ko‘rsatkichlari ham yuqori natijalarni qayd etmoqda. Bugungi kunda mahsulotlarning asosiy qismi tashqi bozorlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, yillik eksport hajmi 3 million AQSh dollariga yetkazilgan.
Korxona rahbari Boburmirzo Rejabovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish va eksport hajmining o‘sishida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish hamda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar muhim omil bo‘lmoqda.
Korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan.
«Ko‘hna buloq» trikotaj fabrikasi misolida mahalliy ishlab chiqarish, investitsiya, bandlik va eksport yo‘nalishlarining o‘zaro uyg‘un rivojlanishi Buloqboshi tumani iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.









