Viloyat hokimi bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
2026-08-13 14:20:00 / Matbuot anjumanlari va ochiq muloqotlar

Muloqotda Andijon viloyatidan tashqaridagi hududlarda, jumladan, boshqa viloyatlar hamda respublikadagi oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi oliy ta’limni tamomlagan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning mutaxassisligi va kasbiy qiziqishlariga mos ish o‘rinlarini aniqlash hamda mavjud imkoniyatlarni ular bilan bevosita bog‘lashdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida viloyat hokimi har bir bitiruvchi bilan shaxsan suhbatlashib, uning qaysi oliy ta’lim muassasasini tamomlagani, mutaxassisligi, qaysi yo‘nalishda ishlash istagi va kasbiy rejalari bilan birma-bir qiziqdi.
Bitiruvchilarning bildirgan istaklari, mutaxassisligi va mavjud ish imkoniyatlari o‘zaro tahlil qilinib, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar muloqotning o‘zidayoq belgilab borildi. Yoshlar mutaxassisligi va qiziqishlariga mos ravishda tegishli tashkilot hamda korxonalarga yo‘naltirildi.
«Har bir yoshning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashga intilishi, bilim va salohiyatini amalda namoyon etishi uchun sharoit yaratish — asosiy vazifalarimizdan. Yoshlarni shunchaki ish bilan ta’minlash emas, balki ularning qiziqishi va salohiyatiga mos ish o‘rnini topib berishimiz kerak», — dedi viloyat hokimi.
Uchrashuvda bildirilgan murojaatlar yuzasidan mas’ullar biriktirilib, har bir bitiruvchining bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Tegishli tashkilot va korxonalarga yo‘naltirilgan yoshlarning ishga joylashtirilishini yakuniga yetkazish, natijalarni umumlashtirish va ijroni nazorat qilish vazifasi mas’ul rahbarlar zimmasiga yuklatildi.
Muloqot yakunida bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur ochiq muloqot yoshlarning murojaat va takliflarini bevosita o‘rganish, ularning kasbiy salohiyatini hududdagi mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mexanizmlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.









