Andijonlik gimnastikachi qizlar O‘zbekiston ochiq chempionatida chempion bo‘ldi
2026-08-04 08:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyati Sport boshqarmasi hamda Badiiy gimnastika federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada respublikaning barcha hududlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 200 nafardan ortiq sportchi qizlar ishtirok etdi.
Musobaqa yosh sportchilarning mahoratini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash hamda badiiy gimnastikani yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilar turli yosh toifalarida g‘oliblik uchun murosasiz bahs olib bordi.
Chempionat yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Andijon viloyati jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Toshkent viloyati, uchinchi o‘rin esa Xorazm viloyati jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur chempionat yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iste’dodli gimnastikachilarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatimizda badiiy gimnastikani rivojlantirish yo‘lidagi muhim sport tadbirlaridan biri bo‘ldi.









