Andijon tumanida dual ta’lim samarali natija bermoqda
2026-07-25 10:30:00 / Yangiliklar

Bu borada “Uz-Sae Myung Co” MCHJ qo‘shma korxonasida yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimi amaliy natijalari bilan e’tiborga sazovor.
Korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida Respublika ishchi guruhi a’zolari ham ishtirok etib, bu yerda yoshlarni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish va ularni kasbga tayyorlash bo‘yicha yaratilgan tizim bilan tanishdi.
Korxonada Tracker, Onix va Cobalt rusumli avtomobillar uchun yoqilg‘i baklari, nasoslar hamda shtamplanuvchi detallar ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda bu yerda 1700 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lib, ularning 60 foizini yoshlar tashkil etadi.
Ayni paytda 120 nafar yosh dual ta’lim asosida amaliy tajriba o‘tamoqda. Ularning 42 nafari doimiy ishga qabul qilingan bo‘lib, qolganlarini ham yil yakuniga qadar ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Korxonada mehnat qilayotgan yoshlarning o‘rtacha oylik daromadi 5–6 million so‘mni tashkil etmoqda.
Korxonada ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligi asosida shakllangan mazkur tajriba yoshlarning bandligini ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash hamda zamonaviy sanoat uchun raqobatbardosh mutaxassislar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.





