Andijonda yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi o‘rganilmoqda
2026-07-23 14:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etishi ularning bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh avlod bo‘lib kamol topishiga qaratilgan islohotlarni yanada jadallashtirishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda Respublika ishchi guruhi Andijon viloyatida bo‘lib, joylarda yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazish hamda mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib bormoqda.
Bobur shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlar masalasi Andijonda eng ustuvor vazifa sifatida belgilanganini ta’kidladi.
Respublika ishchi guruhi rahbari esa tashrifning asosiy maqsadi kamchiliklarni qayd etish emas, balki har bir yoshning muammosiga yechim topish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va munosib kelajagini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat ekanini qayd etdi.
Ayni kunlarda ishchi guruh mahallalarda har bir yosh bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularning ehtiyoj va takliflarini atroflicha o‘rganmoqda. O‘rganishlar natijasida har bir mahallaning salohiyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda yangi tashabbuslar va manzilli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Bu esa yoshlarning bandligini ta’minlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun yanada mustahkam zamin yaratadi.






