Go‘sht mahsulotlari ta’minoti va narxlar barqarorligi muhokama qilindi
2026-07-23 10:50:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda viloyatdagi bozorlar rahbarlari, veterinariya xizmati, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari, go‘sht mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar hamda sohaga mas’ul mutasaddilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida aholini sifatli va hamyonbop go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida ularni chetdan to‘g‘ridan to‘g‘ri import qilish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini oldindan shakllantirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Shu bilan birga, sohada aniqlangan muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, bu borada tezkor va samarali choralar ko‘rish zarurligi, amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlarning asosiy maqsadi aholini sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida go‘sht mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar aholiga yetkazib berish rejalashtirilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari namunalarini taqdim etdi. Viloyat hokimi ular bilan tanishib, mahsulotlar sifati, narxi va yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli tavsiya hamda topshiriqlar berdi.






