Bobur shahrida yashil makonlar barpo etish ishlari kuchaytirildi
2026-07-22 08:30:00 / Yangiliklar

Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ishlari yurtimiz bo‘ylab yuksak kayfiyat va katta shijoat bilan davom etmoqda. Hududlarni yanada ko‘rkamlashtirish, yashil makonlarni kengaytirish hamda aholiga bayramona kayfiyat bag‘ishlash maqsadida obodonlashtirish tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.
Bugun erta tongdan Bobur shahridagi Ziyolilar va Bobur bog‘lari hududida ham qizg‘in mehnat muhiti hukm surdi. Viloyat hokimi boshchiligida tashkil etilgan obodonlashtirish aksiyasida gul va rayhon ko‘chatlari ekilib, hududlar yovvoyi o‘tlardan tozalandi.
Erta tongning musaffo havosi va mo‘tadil ob-havo hashar qatnashchilariga tetiklik va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ana shunday fayzli muhitda barcha bir yoqadan bosh chiqarib, shaharni yanada chiroyli, ozoda va yashil maskanga aylantirish yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Birdamlikda tashkil etilgan ushbu hashar tadbirlari shahar infratuzilmasini yanada ko‘rkamlashtirish bilan birga, aholi va mehmonlar uchun shinam madaniy hordiq maskanlarini yaratish hamda bayramoldi kayfiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.






