Energiya samaradorligi – barqaror taraqqiyot kafolati
2026-07-24 15:00:00 / Yangiliklar

Andijon shahrining Barkamol MFY hududida elektr energiyasi yo‘qotishlarini qisqartirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar keng ko‘lamda davom etmoqda.
Andijon viloyati aholi zichligi bo‘yicha respublikada yetakchi hududlardan biri sanaladi. Bu esa elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning yil sayin oshib borishiga, tarmoqlarga tushayotgan yuklamaning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Mavjud sharoitda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, elektr taʼminoti barqarorligini taʼminlash va yo‘qotishlarni kamaytirish dolzarb vazifaga aylangan.
Shu maqsadda Andijon shahrining 4-kichik dahasida amalga oshirilayotgan ishlar viloyat hokimi hamda viloyat prokurori rahbarligida o‘rganildi. O‘rganish davomida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Taʼkidlanganidek, viloyat hokimi tashabbusi bilan energiya yo‘qotishlarini qisqartirish maqsadida tashkil etilgan 107 ta ishchi guruh faoliyati natijadorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan masʼullarga har kungi ishlar natijalarini tizimli tahlil qilish va aniq ko‘rsatkichlar asosida ishlash vazifasi yuklatildi.
Jarayonda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, transformator podstansiyalarini taʼmirlash, eski elektr tarmoqlarini zamonaviy izolyatsiyalangan simlar bilan almashtirish, ortiqcha yuklangan transformatorlar yuklamasini qayta taqsimlash, elektr uzatish liniyalari atrofini sanitariya talablari asosida tartibga keltirish, ASKUE – aqlli hisoblagichlar tizimining samarali ishlashini taʼminlash, noqonuniy ulanishlarga qarshi reydlarni kuchaytirish hamda reaktiv quvvatni kompensatsiya qiluvchi qurilmalarni o‘rnatish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari barcha qurilish-montaj ishlarini sifatli tashkil etish, zarur qurilma va materiallar bilan o‘z vaqtida taʼminlash hamda har bir loyihaning amaliy samarasiga erishish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi.
O‘rganish davomida 4-kichik dahadagi «Barkamol» mahallasida xitoylik investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan yangi loyiha ham ko‘zdan kechirildi. Bu yerda elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bilan jihozlangan ikkita 400 kVA quvvatli zamonaviy transformator punkti qurilmoqda. Mutaxassislar fikricha, ushbu qurilmalar ishga tushgach, energiya yo‘qotishlari sezilarli darajada qisqaradi va isteʼmolchilarga elektr energiyasi yanada barqaror yetkazib beriladi.
Yana bir muhim yangilik — yaqin kunlarda Andijon viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida zamonaviy transformatorlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod qurilishi boshlanadi. Yangi korxona elektr tarmoqlari uchun yuqori sifatli transformatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan bunday loyihalar aholini barqaror elektr taʼminoti bilan taʼminlash, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda hududning iqtisodiy taraqqiyotini yanada jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.




