Oltinko‘l tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi
2026-07-05 07:35:00 / Yangiliklar
Andijon davlat tibbiyot instituti mutaxassislari tomonidan sayyor qabul doirasida Oltinko‘l tumanidagi «Madaniy mehnat» oilaviy shifokorlik punktida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Institutning 18 nafar malakali professor-o‘qituvchilari va tor soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda 235 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur maslahat va tavsiyalar berildi. Diagnostika jarayonida zamonaviy tibbiy uskunalardan foydalanilib, 37 nafardan ortiq bemor ultratovush tekshiruvi (UTT), 28 nafari elektrokardiografiya (EKG) va 27 nafari laboratoriya tahlillaridan o‘tkazildi.
Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, sog‘lig‘ida muammo aniqlangan fuqarolarning 10 nafariga tuman tibbiyot birlashmasiga, 4 nafariga esa viloyat tibbiyot muassasalariga davolanish uchun yo‘llanmalar ajratildi.





