Bobur shahrida plogging aksiyasi tashkil etildi
2026-06-14 12:05:00 / Yangiliklar

Bobur shahrida atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan navbatdagi ekologik tadbir — plogging aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashabbus bir guruh faol volontyor yoshlar tomonidan tashkil qilinib, unda shaharning turli hududlaridan kelgan yoshlar faol ishtirok etdi.
Aksiya davomida qariyb 50 nafar yosh ko‘chalar va jamoat joylaridagi chiqindilarni yig‘ib, hududlarni obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni asrash va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish g‘oyalarini targ‘ib qildi.
Tadbir yoshlarning jamoaviylik ruhi, fuqarolik mas’uliyati va tabiatga bo‘lgan ehtiromini yana bir bor namoyon etdi. Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, bunday aksiyalar nafaqat hududlarni tozalashga, balki yoshlar orasida ekologik ong va madaniyatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.



