Media haftalik: zamonaviy bilim va tajriba maktabi
2026-06-05 14:05:00 / Matbuot anjumanlari va ochiq muloqotlar

Andijon shahridagi Yoshlar markazida viloyatda tashkil etilgan “Media haftalik”ning yakunlariga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Andijon viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur loyihada viloyatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 600 nafardan ortiq media sohasi vakillari — jurnalistlar, matbuot kotiblari, operatorlar, montajchilar, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Forumda so‘zga chiqqan mutasaddilar media haftalik milliy mediani rivojlantirish, soha vakillarining bilim va malakasini oshirish, axborot makonida raqobatbardosh kontent yaratish hamda media mahsulotlar sifatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
— Bugungi kunda media sohasida tezkorlik, sifat va professionallik asosiy talablardan biri hisoblanadi. Shu bois har bir media xodimi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Media haftalikning asosiy maqsadi ham ana shu yo‘nalishda soha vakillarining salohiyatini oshirishdan iborat, — dedi Kontent markazi direktori o‘rinbosari Jahongir Abdurahmonov.
Besh kun davom etgan haftalik doirasida mamlakatning tajribali jurnalistlari va malakali trenerlari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ularda raqamli media, kontent yaratish, ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish hamda axborot tarqatishning zamonaviy texnologiyalari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Tadbir yakunida mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari, axborot xizmatlari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari hamda yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
Qayd etilganidek, media haftalik ishtirokchilar uchun nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalar manbai, balki tajriba almashish, kasbiy hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy media talablarini chuqur o‘zlashtirish imkoniyatini ham yaratdi.
Forum doirasida viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi badiiy jamoalar san’atkorlari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va raqslar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.






