Ayni kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining — Xaynan provinsiyasida xizmat safarida bo‘lib turibdi
2026-05-22 17:05:00 / Yangiliklar

Xaynan — Xitoyning janubiy qismida joylashgan, jadal rivojlanayotgan orol provinsiyasi hisoblanadi. Uning aholisi 10,4 million kishini tashkil etadi (mamlakatda 28-o‘rin), hududi esa 35,4 ming km² (29-o‘rin). Ma’muriy markazi bo‘lgan Xaykou shahrida 2,9 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Geografik jihatdan Xaynan Guandun provinsiyasi bilan quruqlik orqali bog‘langan bo‘lib, dengiz orqali Vyetnam, Filippin, Bruney va Malayziya kabi davlatlar bilan yaqin mintaqaviy aloqalarga ega.
Mintaqaning iqtisodiy salohiyati ham e’tiborga molik. Yalpi hududiy mahsulot (YAHM) 116,8 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, mamlakat bo‘yicha 28-o‘rinni egallaydi. Aholi jon boshiga YAHM esa 11,5 ming AQSH dollari atrofida qayd etilgan.
Xaynan iqtisodiyotida rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi hamda konchilik kabi yo‘nalishlar muhim drayverlar hisoblanadi.
Ayniqsa, Xaynan Xitoy provinsiyalari orasida yalpi hududiy mahsulot tarkibida qishloq xo‘jaligi va baliqchilik ulushi eng yuqori bo‘lgan hududlardan biri sifatida ajralib turadi. Bu esa uning agrar va dengiz resurslariga boy iqtisodiy salohiyatini yanada yaqqol namoyon etadi.



