Respublika ishchi guruhi Andijonda o‘rganish olib bormoqda
2026-05-05 11:55:00 / Yangiliklar

Ishchi guruh dastlab, Andijon shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib, ushbu muassasada bo‘lib o‘tayotgan adaptiv sport turlari bo‘yicha “Besh tashabbus paralimpiyadasi” ommaviy sport musobaqalarining viloyat bosqichi jarayonlari va markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, ishchi guruhi o‘rganishlar davomida “Bobur Arena”da majmuasida bo‘layotgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning viloyat yengil atletika bosqichi musobaqasi jarayonlarini kuzatdi, stadionga to‘shalgan zamonaviy yugurish qoplamasini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng respublika ishchi guruhi Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarida ham bo‘ldi. Jumladan, Jalaquduq tumani sport maktabi, umumta’lim maktablari, texnikum hamda mahallalarda aholi o‘rtasida ommaviy sportni keng targ‘ib etish hamda sport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, joylarda sport turlari bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud sport infratuzilmasi, yosh sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishildi.
Shuningdek, sportchi yoshlar, mahallalar aholisi vakillari bilan suhbat va muloqotlar o‘tkazildi, ularning taklif va fikrlari tinglandi.
Marhamat tumanida o‘tkazilgan o‘rganish davomida Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabida bo‘ldi. Mazkur maktabda yoshu keksaning birdek sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shaxmat to‘garagi mashg‘ulotlari jarayoni bilan yaqindan tanishildi. Turli yosh toifalari, havaskor shaxmatchilar o‘rtasida viloyat, respublika, xalqaro miqyosda o‘tkazilgan turli shaxmat musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan shaxmatchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi o‘rganishlar Xo‘jaobod, Asaka, Bo‘ston, Buloqboshi va boshqa qator tumanlarda ham o‘tkazildi. Har bir hududda o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha ishchi guruh a’zolari tuman hokimligi, sport rivojiga mas’ul idoralar vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda sohadagi mavjud holat, erishilgan natijalar, istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Respublika Ishchi guruhi o‘rganishlari davom etmoqda.








