Andijon viloyatida ijro intizomi: natija va tizimli yondashuv
2026-05-06 14:45:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish davomida 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-sonli farmon, 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qarori hamda 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Xususan, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali kelib tushgan topshiriqlarning bajarilish holati tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yil aprel oyida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali viloyat hokimligiga Prezidentning 20 ta hujjatidan — 8 ta farmon, 9 ta qaror va 3 ta majlis bayonidan jami 213 ta topshiriq kelib tushgan. Muhimi, ushbu topshiriqlarning barchasi o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani qayd etilmoqda.
Har bir hujjat bo‘yicha alohida nazorat rejalarining ishlab chiqilishi, topshiriqlarning tegishli boshqarma va tashkilotlar hamda hududiy hokimliklarga aniq taqsimlanishi ijro intizomini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilning may oyi uchun esa yangi vazifalar belgilangan: viloyat hokimligi zimmasida 167 ta, Administratsiya rahbari hujjatlarida 42 ta hamda Vazirlar Mahkamasiga tegishli 80 ta topshiriq ijrosi nazarda tutilgan. Ularning o‘z muddatida bajarilishi yuzasidan zarur choralar allaqachon ko‘rilgan.
Viloyatda ijro intizomini mustahkamlash maqsadida “kunbay” monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Har haftaning dushanba kuni viloyat hokimi, juma kunlari esa uning birinchi o‘rinbosari rahbarligida tanqidiy muhokamalar o‘tkazilib, mavjud kamchiliklar ochiq tahlil qilinmoqda.
Shuningdek, har oyning 25-sanasida kelgusi oyda ijrosi belgilangan topshiriqlar ro‘yxati shakllantirilib, mas’ullarga yetkaziladi. Shu asosda kalendar rejalar va “yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, ishlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
O‘rganishlar ham muntazam olib borilmoqda. 2026-yilning dastlabki to‘rt oyi davomida 3 ta boshqarma va 4 ta tuman (shahar) hokimligida ijro holati kompleks o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Umuman olganda, Andijon viloyatida Prezident va Hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlashda tizimli yondashuv, raqamli nazorat mexanizmlari va muntazam tahlil asosida samarali boshqaruv modeli shakllanmoqda. “Ijro.gov.uz” tizimi esa bu jarayonda asosiy vositalardan biri sifatida xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda ijro intizomini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar ham ochiq muhokama qilinib, ularning sabablari tahlil etildi. Mas’ullarga topshiriqlarni “kunbay” nazorat qilish, har bir hujjat bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari” asosida ishlash, muddat va sifat masalasiga qat’iy rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.









