Andijonda davlat auditi tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
2026-04-28 09:15:00 / Yangiliklar

Andijon shahar hokimligida viloyatdagi ijtimoiy soha muassasalari va byudjet tashkilotlari mas’ul xodimlari ishtirokida davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hisob palatasining hududiy vakili, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, iqtisodiyot va moliya hamda g‘aznachilik tizimi mutasaddilari ma’ruzalar qildi. Unda mamlakatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi PF-252-son Farmon talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Qayd etilganidek, joriy yil 1 apreldan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Hisob palatasining bosh inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu institut byudjet qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash, davlat mablag‘laridan foydalanishda xavflarni baholash, davlat xaridlari shaffofligini oshirish hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminar davomida raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali audit tadbirlarining katta qismi masofadan amalga oshirilayotgani, bu esa nazorat samaradorligini oshirish va inson omilini kamaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, hududiy iqtisodiyot va moliya boshqarmalarida “Situatsion markazlar” tashkil etish, risklarni barvaqt aniqlash va profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Tadbirda mahalliy byudjet daromadlarini oshirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Infratuzilmaviy loyihalarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.
Seminar yakunida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, rahbar kadrlarning shaxsiy javobgarligini oshirish hamda qonunbuzilishlarning oldini olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.



