Ochiq muloqot
2026-04-09 07:30:00 / Matbuot anjumanlari va ochiq muloqotlar

“Yoshlar kuni” doirasidagi uchrashuvi
Viloyat hokimi Shuhratbek Abduramonovning bu galgi “Yoshlar kuni” doirasidagi uchrashuvi 9-sinf bitiruvchilari taqdiriga bag‘ishlangani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Bobur shahridan videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan ochiq muloqotda maktab direktorlari va olti mingdan ziyod ota-onalar faol ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 9-sinf — yoshlar hayotidagi eng mas’uliyatli bosqichlardan biri. Bu davrda orzular hali aniq maqsadga aylanmagan, qaror qabul qilishda ikkilanishlar ko‘p bo‘ladi. Shu bois, yoshlar tanlovda adashmasligi uchun uch muhim tayanch — davlat, maktab va ota-ona birdek mas’ul ekani alohida urg‘ulandi.
Bugungi kunda davlat tomonidan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Endi esa ustozlar va ota-onalarning vazifasi — farzandlar qalbiga yo‘l topib, ularning qiziqishlari va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri yo‘nalish berishdir.
Joriy yilda 57 mingdan ziyod o‘quvchi 9-sinfni tamomlaydi. Albatta, ularning ko‘pchiligi oliy ta’limni orzu qiladi. Biroq statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, har yili barcha bitiruvchilar ham talabalik baxtiga muyassar bo‘la olmaydi.
Viloyat rahbari bu masalaga to‘xtalar ekan, ota-onalar farzandlariga faqat oliy ta’limni majburiy maqsad sifatida qo‘ymasdan, ularning shaxsiy orzu va intilishlarini ham inobatga olishlari zarurligini ta’kidladi. Zero, to‘g‘ri tanlangan kasb — mustahkam kelajak poydevoridir.
So‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, 9-sinf bitiruvchilarining 34 foizi, ya’ni qariyb 20 ming nafari texnikumlarda tahsil olib, bir vaqtning o‘zida hunar egallashni istamoqda. Bu esa zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, texnikum bitiruvchilari uchun oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz ikkinchi kursdan qabul qilinishi kabi imtiyozlar ham yaratilgan.
Zamon bilan hamnafas ravishda yangi kasb va hunarlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham — yoshlarning qiziqishlarini o‘rganib, texnikumlarda aynan shu yo‘nalishlarni rivojlantirishdan iborat ekani qayd etildi.
Bugungi texnikumlar avvalgidek faqat nazariy bilim beruvchi muassasa emas. Ular zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, o‘quvchilar o‘qish bilan birga ishlab, oylik maosh olish imkoniyatiga ham ega. Bu esa ota-onalar qarashini tubdan o‘zgartirmoqda.
Ta’lim tizimidagi bu yangiliklar nafaqat yoshlarni kasbli qilish, balki iqtisodiyotga malakali kadrlar tayyorlash, hududlarning barqaror taraqqiyoti va investitsion jozibadorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ota-onalarni farzandlari kelajagi borasidagi xavotirlardan xalos etmoqda.





