Zamonaviy ta’lim sari qadam: Andijonda “INFOTEACH – 2026” forumi
2026-04-17 09:15:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ayniqsa, informatika va axborot texnologiyalari sohasida pedagoglar salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim tadbir — “INFOTEACH – 2026” Respublika forumi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat universitetida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 400 nafarga yaqin informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi. Forum sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘qituvchilar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida tajribali mentorlar, malakali mutaxassislar va amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan bir qator dolzarb mavzularda seminar-treninglar o‘tkazildi. Xususan, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning axloqiy va xavfsizlik jihatlari, informatika darslarida zamonaviy raqamli platformalarni qo‘llash, Python dasturlash asoslari, kiberxavfsizlik masalalari hamda loyiha asosida o‘qitish (PBL) metodikasini amaliyotga joriy etish kabi yo‘nalishlar atroflicha yoritildi.
Forum ishtirokchilari nafaqat nazariy bilimlarini boyitdilar, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, tadbir davomida o‘qituvchilar o‘zaro tajriba almashib, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan tanishdilar.
Anjuman yakunida faol ishtirok etgan pedagoglar munosib rag‘batlantirildi, barcha qatnashchilarga esa sertifikatlar topshirildi.
Ta’kidlash joizki, “INFOTEACH – 2026” forumi bugungi kunda ta’lim tizimida kechayotgan raqamli transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish va informatika ta’limi sifatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.






