Andijon viloyati delegatsiyasining Hirot shahriga amaliy tashrifi doirasida mahalliy tadbirkorlar ishtirokida biznes forum tashkil etildi
2026-04-14 11:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ishtirok etdi. Ochiq va muloqotga yo‘naltirilgan format tadbirkorlarga o‘z taklif va tashabbuslarini bevosita bildirish imkonini yaratdi.
Forum davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan qator muhim masalalar, jumladan, viza tartibini yengillashtirish, o‘zaro hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish, dori-darmon ayirboshlash jarayonlarini soddalashtirish, qishloq xo‘jaligi hamda sement mahsulotlari logistikasini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Barcha taklif va murojaatlar qayd etilib, ularni amaliy hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Tomonlar bunday biznes forumlar ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Forum yakunida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator shartnomalar imzolandi. Natijada umumiy qiymati 300 million AQSH dollariga teng bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.






